TOShKENT, 3 apr — Sputnik. Mart oyida O‘zbekiston iste’mol bozoridagi narxlar o‘rtacha 1,1%ga oshdi, deb xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi.
Mahsulotlar narxi mart oyida o‘rtacha 1,2%ga, xizmatlar esa 0,5%ga oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida o‘rtacha 1,3 %ga qimmatlashdi. Mavsumiy o‘zgarishlar natijasida meva mahsulotlari narxlarining mart oyi davomidagi qimmatlashishi kuzatildi. Olma 18,7%, uzum 18,4%, nok 6,5%, banan 6,2% va sitrus mevalar 6,1% ga qimmatlashdi.
Sabzavotlar narxi esa aksincha, pastladi. Narxlarning eng katta pasayishi asosan piyoz (8,9%), sarimsoq (2,5%), kartoshka (2,4%), sabzi (1,1%) va karam (0,9%) mahsulotlarida kuzatildi.
Statistika qo‘mitasining ta’kidlashicha, bozorning yangi hosil va meva-sabzavot mahsulotlari bilan to‘yinganlik darajasi hududlar kesimida bir maromda ro‘y bermayotganligi asosan mamlakatning turli hududlari, geografik va iqlimiy xususiyatlariga, shuningdek, meva va sabzavotlarning ayrim turlari eksporti va importiga ham bevosita bog‘liqligidandir.
Mart oyida go‘sht mahsulotlari narxlarining o‘sishi sezilarli darajada barqarorlashdi. Suyaksiz (lahm) mol go‘shti 2,9 %, baliq 2,6 %, qiyma go‘sht 2%, mol go‘shti (suyaksiz (lahm) go‘shtdan tashqari) — 0,9 % hamda qo‘y go‘shti narxlari o‘rtacha 0,6 %ga oshdi. Tovuq go‘shti va tovuq son go‘shti, shuningdek, boshqa parranda go‘shti narxi esa aksincha mos ravishda 0,7 % va 1,5 % ga arzonlagan.
Sut mahsulotlari narxi o‘rtacha 1,7 %ga qimmatlashdi, xususan, qaymoq 3 %, suzma — 2,6 %, qatiq va chuchuk qatiq 1,6 % hamda sutning narxi 1,5 %ga oshdi.
Guruch, o‘simlik yog‘i, shakar va tuxum narxi arzonlashdi.
Respublika viloyatlari o‘rtasida o‘rtacha narxlar orasidagi tafovutlar saqlanib qoldi. Iste’molchilar uchun mol go‘shtining o‘rtacha maksimal sotib olish narxi Toshkent shahrida, qo‘y go‘shti esa Andijon viloyatida kuzatildi. Suyaksiz mol go‘shtining nisbatan arzoni Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan bo‘lib, mol go‘shtining (suyaksiz go‘shtdan tashqari) o‘rtacha arzon narxi Qoraqalpog‘istonda qayd etildi.
Piyoz va sabzining o‘rtacha maksimal narxi Toshkent shahrida, kartoshka esa Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan. Piyozning o‘rtacha eng arzon narxi Qashqadaryo viloyatida, kartoshka Jizzax viloyatida, sabzi esa Xorazm viloyatida kuzatilgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari o‘tgan oyga nisbatan 1,1% ga o‘sdi. Qo‘mitaning bildirishicha, mavsumiy kiyim mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortib borishi (bahor-kuzgi mavsumiy kurtkalar, ayollar va erkaklar ko‘ylagi, kamzullar va x.k.) ushbu guruhga mansub tovarlar narxining ko‘tarilishiga bevosita sabab bo‘ldi.
Qurilish materiallari orasida shpatlovka (13%), linoleum va pol uchun laminatlangan qoplamalar (4 %), g‘isht (1,4 %) narxlari sezilarli darajada qimmatlashganligining asosiy sabablaridan biri bu aholi tomonidan ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabning oshganligi bilan izohlanadi.
Boshqa turdagi nooziq-ovqat mahsulotlari orasida nisbatan yuqori suratlarda gilam va gilam mahsulotlari (2,2 %), maishiy to‘qimachilik mahsulotlari (1,9 %) hamda mebel jihozlari (1,3 %) narxlari qimmatlashganligi kuzatildi.
Aholi uchun xizmatlar oyda o‘rtacha 0,5 %ga ko‘tarildi. Uy-joy ta’miri xizmatlari (3,9 %) narxlarining birmuncha o‘sishi mazkur xizmat turiga bo‘lgan talabning ortishi bevosita mavsumiylik bilan o‘zaro bog‘liqligidir. Sartaroshxonalar va go‘zallik salonlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi o‘rta hisobda 2,3 foizga qimmatlashdi.
Shahar transporti xizmatlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 3,2 foizga (Sirdaryo viloyati bo‘yicha narxlarning 1,6 barobarga hamda Buxoro viloyatida 28,8 foizga qimmatlashishi kuzatilgan), shuningdek, yo‘nalishli taksi xizmatlari narxi 2,2 foizga (narxlarning oshishi Buxoro viloyatida 28,6 foizga va Toshkent shahrida 2,3 foizga) qimmatlashdi.
Havo hamda temiryo‘l transporti xizmati tariflari narxlari deyarli ahamiyatsiz darajada pasayishi aviatashuv yo‘nalishlari va qatnovlaridagi narxlarning o‘rtacha 0,3 foizga, uzoq masofaga qatnovchi temiryo‘l xizmatlari tariflarining 1,1 foizga pasayishi bilan bog‘liq bo‘ldi.