TOShKENT, 2 apr — Sputnik. 2018-yilning 2-aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) Bosh direktori Vilyam Leysi Sving boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
TIVda bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tashkilot faoliyatida to‘laqonli a’zo sifatida qatnashish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganligi XMT delegatsiyasiga ma’lum qilindi. Shu nuqtayi nazarda o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
XMT delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi dasturidan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Hukumati, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish va ichki ishlar vazirliklari hamda bosh prokuraturada uchrashuvlar o‘tkazish o‘rin olgan.