TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Kemerovodagi yong‘inda odamlarni qutqargan fuqarolarga mukofotlarni topshirdi, deb xabar qilmoqda muassasa matbuot xizmati.
“Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Kemerovogo bo‘lgan tashrifi davomida, favqulodda vaziyatda o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan, hayotini xavf ostiga qo‘yib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan fuqarolar bilan uchrashdi”, — deyilgan xabarda.
Mukofotlash marosimida Bastrikin, ushbu medallar jangovar medallar ekanligini va ular insonlar hayotini saqlab qolishda, haqiqiy mardlik ko‘rsatgan fuqarolarga berilishini ta’kidladi.
Mukofot olgan fuqarolar orasida – ikkinchi qavatdagi oyoq kiyimlar do‘koni xodimi, tojikistonlik Farzon Salimov, uchinchi qavatdagi do‘konlardan birining xodimi Aleksandr Kalachov, 17 yoshli kursant Dmitriy Poluxin va bolalar o‘yinxonasi animatori Kristina Nikitinalar bor.
Savdo markazidagi do‘konlardan birida ishlaydigan Tojikistonlik ikki fuqaro Maxmud Xo‘jayev va Farzon Salimov, yong‘in chiqqanidan so‘ng 50dan ortiq kishini qutqarishga yordam bergani haqida xabar bergan edik. Ular sarosimaga tushib qolgan odamlarga savdo markazini tezrok tark etish yo‘lini ochib berishgan va nogironlarni zinadan olib tushishda yordam berishgan.
Eslatib o‘tamiz, 25 mart kuni Kemerovodagi “Zimnyaya vishnya” savdo markazida yuz bergan yong‘in tufayli 64 kishi qurbon bo‘lgan, jumladan 41 nafar bolalar. Keyinchalik o‘tkazilgan tekshiruvlar binodan yong‘in xavfsizligi talablari qo‘pol ravishda buzilganligini ko‘rsatgan. Ushbu fojeadan so‘ng Rossaning barcha shaharlaridagi savdo markazlari yong‘in xavfsizligi nuqtayi nazaridan qattiq nazorat ostiga olingan edi.