TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Toshkentda YeXHT delegatsiyasi O‘zbekiston IIV rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili va koordinatori Madina Djarbussinova boshchiligidagi delegatsiyani Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi raisi, O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov qabul qildi.
"Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar natijasida, 2017-yilda odam savdosi bilan bog‘liq majburiy mehnatdan foydalanish jinoyati 39,5 foizga, jinsiy ekspluatatsiya jinoyati 81,6 foizga kamayganligi ta’kidlandi", — deyiladi xabarda.
IIVning ma’lumotiga ko‘ra, odam savdosi jinoyatini oldini olish maqsadida, aholi o‘rtasida qator profilaktik targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib borilmoqda.
Uchrashuv so‘ngida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi bilan kelgusida ham o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.