TOShKENT, 30 mar – Sputnik. Toshkent shahar IIBB xodimi avtomobilda telefondan foydalangani uchun, shuningdek ikki fuqaro uni ijtimoiy tarmoqda haqorat qilgani uchun jarimaga tortilishdi.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining bildirishicha, 20-mart kuni ijtimoiy tarmoqdagi guruhlarning biriga Toshkent shahar IIBB xodimining avtomobilda telefondan foydalanayotgani aks etgan surat joylashtirilgan. Ushbu ma’lumot guruh a’zolari tomonidan keng muhokamaga sabab bo‘lgan.
“Biroq, bu qoidabuzarni haqorat qilish huquqini bermasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Aftidan, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1972-yilda tug‘ilgan Stanislav hamda Yunusobod tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan Muzaffar ismli shaxslarga buning aloqasi yo‘qdek. Ular qoldirgan izohlarida ichki ishlar organi xodimining qadr-qimmatini va sha’nini toptash, uni haqorat qilishdan nariga o‘tmaganlar”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB Uchtepa tuman IIB FMB profilaktika inspektori Abdumo‘min.A.ga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 1281-moddasiga (“Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi”) muvofiq, eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida jarima solindi.
shuningdek, qoidabuzarni haqorat qilganliklari, ya’ni birovning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganliklari uchun Stanislav X. va Muzaffar A. ham javobgarlikka tortildilar. Jabrlanuvchi, Toshkent shahar IIBB xodimining murojaatiga asosan, Mirobod tuman ma’muriy sudi Stanislav X. va Muzaffar.A.ning ishini ko‘rib chiqdi va ularga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida jarima belgilandi.