TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Toshkentda mobil muxbirlar tufayli yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilar 34 million so‘m jarima to‘ladi.
O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, poytaxt IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayevning aytishicha, foydalanuvchilar 60ta videorolik jo‘natgan bo‘lib, ulardan 51tasida qoidabuzarlik sodir etilganligi aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Mart oyi boshida Toshkent shahar YHXB o‘z saytida mobil muxbir bo‘limini ishga tushirgandi.
Uning yordamida fuqarolar yo‘l harakati qoidasi buzilganligi haqidagi foto va videoni saytga jo‘natishlari mumkin.
Sputnik tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan o‘quvchilarning 70 foizdan ko‘prog‘i bu usul yo‘ldagi qoidabuzarliklar kamayishiga yordam berishini bildirgan. Qatnashchilarning 20 foizdan ortiqrog‘i ushbu servisni yanada takomillashtirish kerakligini aytishgan. Va to‘qqiz foizga yaqin o‘quvchilar bu yangilikka salbiy munosabat bildirgan.