TOShKENT, 24 mar — Sputnik. O‘zbekistonlik mashhur gimnastikachi Oksana Chusovitina Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tayotgan jahon kubogi bahslarida oltin medal sohibiga aylandi. U o‘zining sevimli yo‘nalishi — tayanib sakrash bahslarida 14,433 ball jamg‘arib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.
Eslatib o‘tamiz, Chusovitina o‘tgan haftada Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan jahon kubogi bahslarida oltin va bronza medallari sohibiga aylangandi.
Bugungi kunda jahonning uch marta chempioni va Yevropa chempioni bo‘lgan Oksana Chusovitina yettita Olimpiadada qatnashgan gimnastika tarixidagi yagona sportchi hisoblanadi. U Rio Olimpiadasida ishtirok etganida 41 yoshu 56 kunlik edi va Olimpiadalarda qatnashgan eng yoshi ulug‘ gimnastikachi sifatida ham rekordga erishgan.
Olasmsport.comning xabar berishicha, Dohadagi jahon kubogida 39 mamlakatdan 160 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Ularning 101 nafari erkaklar o‘rtasidagi bahslarda qatnashayotgan bo‘lsa, 59 nafari ayollar o‘rtasidagi musobaqada o‘z omadini sinab ko‘rmoqda.