TOSHKENT, 23 mar — Sputnik. Mongoliya prezidenti farmoni bilan Mongoliyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Abdugʻafur Rahimov mongol-oʻzbek munosabatlarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun "Doʻstlik" medali bilan mukofotlandi. Bu haqda Mongoliyaning Montsame axborot agentligi xabar berdi.
Medalni konsulga Mongoliya prezidenti shtabi boshligʻi Z. Enxbold topshirdi.
Xabarda aytilishicha, Abdugʻafur Rahimov 2006 yildan buyon konsulxonaga rahbarlik qiladi. U Mongoliya va Oʻzbekistonning biznes, sport va sanʼat sohasidagi vakillarining oʻzaro tashriflarini tashkil etishda muhim rolni bajargan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan oyda "Oʻzagroeksport" kompaniyasi Mongoliyadagi yirik importyorlar bilan sarxil meva va sabzavotlar yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishgandi.