TOShKENT, 15 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga jo‘nab ketdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
"Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga jo‘nab ketdi"?— deyilgan rasmiy xabarda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev ushbu urashuvda nafaqat O‘zbekiston prezidenti, balki mazkur mintaqaviy uchrashuvning tashabbuskori sifatida tashrif buyurmoqda. Tashrif bir kunga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvi 15-mart kuni Ostonada bo‘lib o‘tadi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari ishtirok etishadi, Turkmaniston nomidan prezident Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rniga majlis raisi Akja Nurberdiyeva qatnashadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning noyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo muammolariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ushbu shakldagi uchrashuvni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqandi. Qozog‘iston bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va dastlabki uchrashuvni Navro‘z bayrami arafasida Ostonada o‘tkazishni taklif etdi.