TOShKENT, 14 mar – Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti devonining tashqi siyosat bo‘limi mudiri Doniyor Sidiqov Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitini o‘tkazish an’anaga aylanishini ma’lum qildi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Sidiqov mazkur uchrashuvda mintaqa kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilishini bildirdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvidan asosiy maqsad xalqaro va mintaqaviy rivojlanish bilan bog‘liq bo‘lgan dolzarb muammolar bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish va fikr almashishdir.
"Mintaqa davlatlari pozitsiyalarini kelishib olish va umumiy fikrga kelish, siyosiy muloqotni mustahkamlash hamda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, moliya-investitsiya, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnika va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitini bir yilda kamida bir marta, bu yil Navro‘z umumiy bayramida bo‘layotgani kabi yirik umummintaqaviy bayramlar arafasida an’naviy ravishda o‘tkazib borish rejalashtirilmoqda", — dedi u.
Doniyor Sidiqovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda davlat rahbarlarining Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan qo‘shma bayonoti qabul qilinadi. Bayonotda yaqin mintaqaviy hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga intilish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash hamda Markaziy Osiyo mintaqasining izchil rivojlantirish maqsadida dolzarb muammolarni birgalikda hal qilishga intilish kabi fikrlar aks etadi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mazkur shakldagi uchrashuvini tashkil etish tashabbuskori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘lib, bu tashabbusni mintaqadagi qolgan davlatlar rahbarlari qo‘llab-quvvatladi. Uchrashuvda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlari ishtirok etadi.