TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Amerikaning sanksiyalari AQSh prezidentligi saylovlariga "afsonaviy aralashuvlar" bilan bog‘liq emas, balki Rossiyani rivojlanishini to‘xtatishga urinishdan kelib chiqmoqda, dedi Vladimir Putin NBC telekanali Megin Kelliga bergan intervyusida, deb xabar berdi RIA Novosti.
"Eshiting, sanksiyalar Rossiya tomonidan AQShdagi saylovlarga allaqanday afsonaviy aralashuvlar bilan mutlaqo bog‘liq emas. Sanksiyalar mutlaqo boshqa narsa — Rossiyaning rivojlanishini to‘xtatish, Rossiyani tutib turish istagi bilan bog‘liq",- dedi Rossiya prezidenti.
U tutib turish siyosati davriy xarakter kasb etganini va o‘n yillardan buyon davom etayotganligini ta’kidladi. Putinning fikricha, bu nafaqat ikki mamlakat munosabatlariga, balki Amerika biznesiga ham zarar yetkazadi.
"Siz bilan Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forumda bo‘lgandik. Biznes vakillaridan iborat eng katta delegatsiya AQShdan edi. Odamlar biz bilan ishlashni istashmoqda, lekin Rossiyani tutib turish uchun ularga ishlash imkonini berishmayapti", — dedi Putin.
Fevral oyi boshida AQSh Milliy razvedkasi rahbari Deniyel Kouts Vashington Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ma’qullaganini bildirgandi. Unga ko‘ra, AQSh Moliya vazirligi ushbu haftada navbatdagi moliyaviy cheklovlar ro‘yxatini e’lon qilishi mumkin.