TOShKENT, 7 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xmeymim aerodromida An-26 harbiy-transport samolyoti qulashi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik maktubi yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Davlatimiz rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 6-mart kuni Suriyada An-26 samolyoti halokatga uchradi. Uning bortida 33 nafar yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan.
To‘ldirilgan va aniqlashtirilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barchasi — rossiyalik harbiy xizmatchilar, ularning 27 nafari zobitlar, shulardan biri general-mayor unvoniga ega. Qolganlari praporshik va shartnoma asosida xizmat qilayotganlardir, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi axborotida.
Mudofaa vazirligi samolyotga zarba berilmaganligini tasdiqlagan.