TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Ayollar tarixi oyligini boshlash hamda Xalqaro xotin-qizlar kunini munosib nishonlash maqsadida AQSh elchisi Pamela Spratlen "Mega Trade Communication" kompaniyasi direktori Mixail Davidkin bilan birgalikda Toshkentdagi "NEXT Mall" kinoteatrida ayollarga bag‘ishlangan "Amerika film festivali"ni ochib berdi, deb xabar qildi Toshkentdagi AQSh elchixonasi matbuot-xizmati.
"Bunday oliy maqsadni ko‘zlash faqatgina amerikalik ayollarga xos emas. O‘tgan uch yil mobaynida men birga ishlagan o‘zbekistonlik xotin va qizlar ham zakovat, mardlik, ijodkorlik va qat’iyat kabi muhim, ajoyib sifatlarni o‘zida namoyon etadi",- deya ta’kidladi elchi Spratlen xonim.
Amerika filmlari festivali Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi madaniy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ingliz tilini bilish darajasini oshirishga qaratilgan. Filmlarda bosh rolni ijro etgan ayollar ilmu fan, matematika, atrof-muhitni muhofaza qilish, biznes va sanoat, ta’lim va sport sohalarida erishgan yutuqlari bilan ajralib turadi.
Festival jamoatchilik, talabalar va mahalliy tashkilotlar vakillari uchun ochiqdir. Barcha filmlar uchun chiptalar bepul bo‘lib, ularni Toshkent shahar Bobur ko‘chasi 6-uyda joylashgan "NEXT Cinema" kassalaridan olish mumkin. Bir kishi bir kunda ikkita bepul chipta olsa bo‘ladi.