TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi maktablar, sport va diniy muassasalar yaqinida alkogolli ichimliklar va tamaki sotish bilan shug‘ullanayotgan magazinlarni nazorat ostiga oladi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
O‘zbekistonda bugungi kunda amal qilayotgan qonunlarga ko‘ra, ta’lim, sport va diniy muassasalarga 500 metrdan yaqin hududlarda alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlari sotish man etiladi. Lekin shunga qaramasdan, maktab va sport inshootlari oldida o‘quvchilarga tamaki sotayotgan kichik do‘konlar paydo bo‘layotganini ko‘rish mumkin.
Shavkat Mirziyoyev Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyuta va noqonuniy daromadlarga qarshi kurash departamentiga aprel oxiriga qadar barcha savdo do‘qonlarini ro‘yxatdan o‘tkazib, qonunni buzayotganlarga nisbatan taaluqli choralar ko‘rishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 20 yoshga to‘lmagan fuqarolarga alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlari sotish ta’qiqlangan. Shuningdek, sigaretlarni donalab sotish hamda alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini jamoat joylarida iste’mol qilish ham ta’qiqlangan.