TOShKENT, 22 fev — Sputnik. O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi pedagogika oliy o‘quv yurtlarida bepul qayta tayyorlash kurslari o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar qildi maktabgacha ta’lim vazirligi o‘zining Feysbukdagi sahifasida.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14-fevral kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining saviyasi, bilimi va ko‘nikmalari masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Tizimda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 %i oliy ma’lumotli, 79 %i esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani qayd etilgandi.
Bu boradagi o‘rganishlar natijasida kelgusi 3-yilda maktabgacha ta’lim tizimida 47 ming 300 dan ziyod oliy ma’lumotli pedagog kadrlar, jumladan, 28 ming 300 nafar tarbiyachi, defektolog, psixolog, musiqa rahbariga ehtiyoj paydo bo‘lishi aniqlangan. Shu bois, joriy yil mart oyidan boshlab, viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun yarim yillik o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etilishi belgilangandi.
Ta’kidlash lozimki, Universitetda o‘quv mashg‘ulotlari zamonaviy pedagogoik, multimmedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalardan keng foydalangan holda tashkil etilib, barcha auditoriyalar zomonoviy onlayn ma’ruzalar uskunalari bilan ta’minlangan.
Mazkur qayta tayyorlov kursiga Toshkent shaxar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi tomonidan 816 nafar oliy ma’lumotli talabgorlar jalb etildi, deb ta’kidlangan xabarda.
Shuningdek, bugun respublikaning barcha viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun bepul qayta tayyorlash kurslari minglab tinglovchilarni qabul qildi.