TOShKENT, 22 fev – Sputnik. "Navbahor-Lochinlari" hamda "Bunyodkor" futbol klublarining har biriga 500 million so‘m miqdorida jarima solindi. Bu haqda O‘FF rasmiy saytida xabar qilinmoqda.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston futbol federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi Burosi qarori asosida "Navbahor-Lochinlari" futbol klubi futbolchisi Oybek Qilichev bir yil muddatga, "Bunyodkor" futbol klubi futbolchisi Dilshod Ahmadaliyev esa butunlay futboldan chetlatilgandi. Ammo shunga qaramay nomlari yuqorida tilga olingan futbolchilar o‘z klublari tarkibida o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushib yurgani ma’lum bo‘lgan.
"O‘zbekiston futbol federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi Burosi qarorlarini buzganligi uchun Ijroqo‘m Burosining 2018-yil 21-fevraldagi 6-sonli Qaroriga ko‘ra "Navbahor-Lochinlari" hamda "Bunyodkor" futbol klublarining har biriga 500 million so‘m miqdorida jarima solindi", — deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, agar bunday holat yana takrorlanadigan bo‘lsa, bundan-da qat’iy jazolar qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan.