TOShKENT, 21 fev – Sputnik. Joriy yilning 25-27 aprel kunlari Toshkentda "Expo-Russia Uzbekistan 2018" birinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasi va Toshkent biznes forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda ko‘rgazma tashkilotchilarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar qilinmoqda.
Ko‘rgazmada energetika va energiya tejash texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, transport, neft-kmiyo va kimyo sanoati, yog‘ochni qayta ishlash, telekommunikatsiya va aloqa, mashinasozlik, metallurgiya, qurilish, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, ta’lim, bank sohasidagi ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ko‘rgazma doirasida Toshkent biznes forumi, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlangan anjuman hamda V2V shaklidagi muloqotlar va davra suhbatlari o‘tkaziladi.