TOShKENT, 20 fev – Sputnik. “O‘zbekiston pochtasi” kelajakda bank va sug‘urta xizmatlari ko‘rsatishi mumkin deb xabar qilmoqda, Sputnik muxbiri.
Shavkat Mirziyoyev Axborot kommunikatsiya va Moliya vazirliklari hamda Markaziy bankka aprel oyiga qadar ushbu loyiha borasida o‘z takliflarini kiritishni topshirdi.
“O‘zbekiston pochtasi”da autsorsing asosida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, plastik kartalarga xizmat ko‘rsatish va depozitlar ochish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Undan tashqari prezident Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligiga 2018-yil may oyining oxiriga qadar “O‘zbekiston pochtasi”ni isloh qilish rejasini ishlab chiqishni topshirdi.
Ushbu reja yetakchi mamlakatlar tajribasini o‘rganish maqsadida mutaxassislarni jalb qilish, pochta tarmog‘ini rivojlantirish, xorijda xalqaro pochta almashuv punktlari tashkil qilishni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Prezident shuningdek, “O‘zbekiston pochtasi”ga "Matbuot tarkatuvchi" AJni qo‘shib olish taklifini ham ma’qulladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston pochtasi 14ta hududiy bo‘lim, 49ta tumanlararo markaz, 1745 aloqa bo‘limlari va 4794ta yetkazib berish punktlaridan iborat. Undan tashqari pochta tarkibida bir necha iztisoslashgan filiallar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yilda “O‘zbekiston pochtasi” zamonaviylashtirish uchun Koreyaning Intergen ITG kompaniyasi va ETRI instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan edi.