TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Shvetsiya poytaxtida 2017-yil 7-aprel kuni Stokgolmda amalga oshirilgan terakt ustidan sud eshituvi boshlandi. Unda ayblanuvchi tomon sifatida O‘zbekiston fuqarosi Raxmat Akilov ishtirok etmoqda, deb xabar qildi RIA Novosti.
Eshituvning so‘nggi kuni 9-may sanasiga belgilangan, sud qarori esa iyun oyining ikkinchi yarmida chiqishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning aprelida yuk mashinasi Stokgolmning markaziy va piyodalar uchun ajratilgan ko‘chalarining birida odamlarni bosib ketgandi. 550 metr masofani bosib o‘tgan mashina Åhlens savdo markazi binosiga kelib urilgan. Besh kishi halok bo‘lgan, 15 kishi esa turli darajadagi jarohatlarni olishgan. Hukumat ushbu hodisani terakt sifatida tan olgan edi. Ushbu hodisada 39 yashar Rahmat Akilov bosh aybdorsifatida tan olingan, u hodisa yuz bergan kunda qo‘lga olingan va shu paytga qadar qamoqda saqlanib kelinmoqda.
Akilov terrorchilik jinoyati va terrorchilik jinoyatini sodir etishga urinishda, uchinchi shaxslar xavfsizligiga tahdid yaratganlikda ayblanmoqda.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Akilov ushbu jinoyatga 2017-yilning yanvaridan tayyorgarlik ko‘rib kelgan. Olib qochilgan yuk mashinasida Akilov ishga tushirmoqchi bo‘lgan portlovchi qurilma bo‘lgan, ammo u faqat qisman ish bergan xolos. Muassasaning ta’kidiga ko‘ra, Akilov o‘z jinoyatini rejalashtirar ekan, uni "Islom davlati" terrorchilik uyushmasi nomidan sodir etishni chamalagan, o‘z harakatlari bilan aholi orasida qo‘rquv urug‘ini sochmoqchi bo‘lgan va bu bilan Shvetsiya hukumatining xalqaro koalitsiya doirasida Iroqdagi "ID"ga qarshi kurashda ishtirok etishini to‘xtatmoqchi bo‘lgan.
"Islom davlati" Stokgolmdagi terakt uchun javobgarlikni shz zimmasiga olmagan, shu bois Akilov xujum arafasida kimlar bilan xalqaro doirada aloqa qilganligi to‘g‘risidagi savol javobsiz qolmoqda.
Akilov haqida bor ma’lumotlar shundan iboratki, u 2014 yilda Shvetsiyadan boshpana so‘ragan, lekin unga rad javob berilgan.
Akilovning advokati Yoxan Erikssonning so‘zlariga ko‘ra, uning himoyasidagi shaxs terrorchilik jinoyatini sodir etganligini tan olgan va jarayon davomida tergov qo‘mitasi bilan hamkorlik qilgan. Akilov o‘z harakatlariga izoh berar ekan, bu bilan Shvetsiya "Islom davlati" terrorchilik uyushmasiga qarshi koalitsiyada ishtirok etishini to‘xtatishga erishmoqchi bo‘lganligini aytgan.
Akilovga ayblov e’lon qilingan vaqtdan buyog‘iga to sud jarayoniga qadar, advokat o‘z himoyasidagi shaxsning motivlari haqida birorta ma’lumotni oshkor qilmagan, bu borada berilgan savollarga hamma gapni sud vaqtida ayblanuvchining o‘z og‘zidan eshitgan ma’qulligini ta’kidlagan.