TOShKENT, 9 fev — Sputnik. O‘zbekistonda surishtiruvchilar va tergovchilar tergov harakatlarini o‘tkazish jarayonida turli izlarni, ashyolarni topish, kuzatish, ko‘chirib olish va qayd etish uchun zarur texnik vositalarni jamlagan maxsus tergov portfellari bilan ta’minlandi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, maxsus sumkalarning joriy etilishi, tergovchi va surishtiruvchilar tomonidan jinoyatlarni fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilishda ularga dalillarni topish, qayd etish, olish va tadqiq qilish jarayonida juda ham katta amaliy ahamiyatga ega.
"Mazkur portfelda hodisa joyini sifatli ko‘zdan kechirish, turli izlarini va boshqa ashyoviy dalillarni aniqlash, olish, saqlash va hodisa joyi holatini tezkor qayd qilish uchun to‘liq qo‘laylik va imkoniyat beruvchi zamonaviy texnik-kriminalistik vositalar (zamonaviy foto- va videokamera, noutbuk va ovoz yozib olish), protsessual hujjatlar namunalari jamlangan, shuningdek unda xodisa joyida jinoyat natijasida tibbiy yordamga muhtoj jabrlanuvchilarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun aptechka mavjud", — deb ta’kidlashdi IIV Tergov departamentida.