TOShKENT, 6 fev — Sputnik, Dilshodbek Asqarov. Sputnik tahririyati xorijda yashab muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatini davom ettiradi. Tahririyatning navbatdagi suhbatdoshi hozirda Volvo kompaniyasida moliyaviy nazorat bo‘limi mutaxassisi lavozimida faoliyat ko‘rsatuvchi Sherzod Jalilov.
Asli samarqandlik bo‘lgan Sherzod Jalilov ushbu shahardagi 1-fizika-matematika litseyida tahsil olgan. Litseyni tamomlagach, Toshkent Moliya institutining moliya-iqtisod fakultetida bakalavr darajasini, Polshadagi Vroslav universitetida esa magistrlik darajasini olgan. U o‘sha yerda o‘qib yurganida o‘z rezumesini xorij kompaniyasiga jo‘natishga qaror qilgan va Volvo Group kompaniyasiga ishga joylashgan.
"Dunyoni o‘zgartirishga hissa qo‘shish istagida menga ushbu imkoniyatni taqdim etadigan kompaniyani izlay boshladim. Volvo Group — ayni paytda avtosanoat taraqqiyotida yangi davrni boshlab bergan elektromobillar ishlab chiqarish borasida ish olib borayotgan kam sonli kompaniyalardan biri. Aynan mana shu narsa meni Vroslav universitetida tahsil olayotgan paytimdayoq o‘z rezumemni jo‘natishga undadi", — deydi Jalilov.
Uning aytishicha, kompaniyadagi bitta bo‘sh o‘ringa 100dan ortiq nomzod da’vogarlik qilgan.
"Eng murakkab va hal qiluvchi bosqich bu suhbat edi. Suhbatda ishga qabul qiluvchilarni hayron qoldirish, o‘zingni tabiiy tutgan holda boshqacha fikrlay olishingni ko‘rsatish darkor edi", — deydi u.
U hozirda moliyaviy nazorat bo‘limi mutaxassisi hamda Volvo Production Systemda fasilititator sifatida faoliyat olib bormoqda.
"Asosiy vazifam moliyaviy hisobotlarni tahlil qilish va tayyorlash, yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish, Belgiya va Shvetsiya bilan o‘zaro moliyaviy masalalarni hal qilish. Ikkinchi lavozimimda esa statistik ma’lumotlar orqali ishlab chiqarish jarayoni ustidan monitoring va nazorat olib boraman", — deydi Sherzod Jalilov.
Uning aytishicha, ish kuni 8 soat bo‘lib, buning ichiga tanaffus va shvedlarning an’anaviy fika odati ham kiradi.
"Fika — bu shvedlarga xos madaniy xususiyat bo‘lib, hamma qilayotgan ishini bir ozga to‘xtatadi va qahva ichadi. G‘ika paytida ish haqida gapirish mumkin emas. Bu odamlarga miyasiga dam berish va yangi kuch bilan ishlashda davom etishiga yordam beradi", — deydi Jalilov.
Sherzodning so‘zlariga ko‘ra, Vroslav go‘zal va shinam shahar. Shahar Ikkinchi jahon urushiga qadar Germaniyaga qarashli bo‘lgani uchun shaharda nemis arxitekturasiga tez-tez duch kelish mumkin.
"Meni bu yerdagi aholining kitob o‘qishga qiziqishi hayratga soladi. Parklarda, tramvay, avtobuslarda qo‘lida kitob tutgan odamlarni tez-tez uchratish mumkin. Texnologiyalar asrida bu judayam noyob hodisa hisoblanadi", — deydi u.
U tez orada jahonning yetakchi kompaniyalari yonilg‘i bilan yuradigan avtomobillar ishlab chiqarishdan voz kechishiga ishonadi. Shu bois O‘zbekiston ham bugundan elektromobillarni joriy etish uchun sharoit yaratish haqida o‘ylashi kerak. Ishni, masalan, elektrda quvvatlanadigan avtobuslar yuradigan kichik tajribaviy elektr-shaharlar yaratishdan boshlash mumkin.
Uning fikricha, mahsulotlar sifatini oshirish va yangi g‘oyalar yaratish qobiliyatini rivojlantirish uchun O‘zbekistondagi kompaniyalarda xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish bo‘limlarini tashkil etish lozim. Bu xodimlarning bilimini oshirishga va ularni doimo izlanishga undar ekan. U ishlayotgan kompaniyada Volvo Group University ana shunday faoliyat bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, uning aytishicha, o‘zbek kompaniyalari jahonning yetakchi universitetlaridagi ilmiy laboratoriyalar bilan aloqa o‘rnatsa bu ishlab chiqariladigan mahsulot sifatini oshirishga, yuzaga kelgan muammolarni yechishda ilmiy yondashuvdan foydalanishga xizmat qiladi.
Shuningdek, "rahbar va mutaxassis xodim orasidagi lavozimiy masofani qisqartirish kerak. Mutaxassislar — bu yetkazib beruvchilar, mijozlar, mahsulot bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan kishilar. Shunday ekan, rahbariyat va mutaxassis o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lgandagina muammoning asl sababini aniqlash, unga har tomondan razm solish va hamkorlikda qaror qabul qilish mumkin bo‘ladi", — deydi Jalilov.
U bugungi yoshlar haqida quyidagicha fikr bildirdi:
"Menimcha, bugungi yoshlar duch kelayotgan asosiy muammo mavhumlik, o‘ziga ishonmaslik, o‘zlari mashg‘ul bo‘lgan ishga nisbatan mehrning yo‘qligidir. Ish rohat emas, majburiyat bo‘lar ekan, inson maqsadini yo‘qotadi, oqim bo‘ylab suzuvchi qayiqqa aylanadi".
Shu sababli u yoshlarga nafaqat zavq bag‘ishlaydigan, balki ularni ertangi kun yanada yaxshi bo‘lishiga ilhomlantiradigan ish topishlarini tiladi.
"O‘zbekistonga qaytib o‘z yurtingizda faoliyat yuritish rejangiz bormi" degan savolimizga Sherzod Jalilov "Albatta", deb javob qaytardi.
U O‘zbekistonga qaytgach, Volvoda orttirgan tajribasini, korporativ boshqaruv usullarini Vatandagi korxonalarda qo‘llashni niyat qilganini bildirdi.
Uning ishonishicha, xorijning ilg‘or tajribalarini qo‘llash orqali mahalliy kompaniyalar yangi g‘oyalar yaratadi va rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tariladi.