TOShKENT, 23 sen — Sputnik, Dilshodbek Asqarov. O‘zbekiston iste’dodlarga boy. Ularning muvaffaqiyatlari haqida deyarli har kuni eshitamiz, o‘qiymiz. Ana shunday yoshlardan biri Umidjon Mahmudov bo‘lib, u Yaponiyaning Xosey universitetida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va siyosatshunoslik fanlari doktori unvoniga sazovor bo‘ldi.
Ilm-fanga qiziqish, olimlikka intilish Umidjonning qonida bor. Uning bobosi Muhsin Qodirov O‘zbekiston fan arbobi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor bo‘lgan, buvisi Dilbar Mahmudova esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist. Umidjonning otasi professional rassom, dotsent bo‘lib, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida dars beradi, onasi esa teatrshunos professor, uzoq yillardan buyon O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida faoliyat ko‘rsatadi.
Umidjon Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyda o‘qiyotganida yapon tilini o‘rgana boshlagan. O‘sha paytlarda unda Yaponiyada o‘qish istagi uyg‘ongan. Litseyni bitirib sharqshunoslik institutining xalqaro munosabatlar fakultetiga o‘qishga kirgan Umidjon ikkinchi kursdaligida yapon tilidan imtihonda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib Yaponiyada o‘qish huquqini qo‘lga kiritdi.
Xosey universitetining huquq fakultetida ta’lim olgan Umidjon Toshkentga qaytgach, "Yapon-Amerika harbiy ittifoqchiligi misolida Uzoq Sharqdagi xavfsizlik masalalari" mavzuyida diplom ishini yozdi. Uning diplom ishi yuqori baholandi va Yaponiya hukumati granti evaziga magistraturani Xosey universitetida davom ettirishni tavsiya qilindi.
U 2011-2014 yillarda Yaponiya granti asosida xalkaro siyosat yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada, 2014-2017 yillarda siyosatshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha doktoranturada tahsil oldi.
Yaponiyaning Markaziy Osiyo mintaqasi bilan munosabatlariga bag‘ishlangan ilmiy ishini tayyorlash jarayonida Umidjon Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoriko Kavaguchi, mamlakat sobiq bosh vazirlari Yoshixiko Noda hamda Naoto Kan, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Suyoshi Saito, tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi bo‘limi boshlig‘i Jun Nanazava, YuNESKO sobiq bosh direktori Koitiro Matsuura kabi shaxslar bilan uchrashib fikr almashdi va doktorlik dissertatsiyasini boyitib bordi.
U yaqinda, 29 yoshida siyosatshunoslik fanlari doktori unvonini oldi. Shuni ta’kidlash joizki, bu yil turli yo‘nalishlarda 10 nafar kishi doktorlik darajasiga erishgan bo‘lsa, ularning ichida eng yoshi aynan Umidjon hisoblanadi.
"O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim tizimida qanday tafovutlar bor" degan savolimizga u "bizda talabalar Oliy ta’lim vazirligi tasdiqlagan fanlarni o‘rganishadi, u yerda esa talabalar asosan o‘zlariga kerakli fanlarni tanlashadi", deb javob berdi. Uning aytishicha, birinchi va ikkinchi kurslarda asosiy-majburiy fanlar o‘qitiladi, lekin fanlarni tanlash imkoniyati saqlanib qoladi.
Hozirda universtitetda professor assistenti lavozimida ishlayotgan Umidjon kelgusida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlashni rejalashtirgan.
"O‘zbekistonning tashqi siyosiy munosabatlardagi faolligi kuchaygan bugungi davrda mamlakatimizga yosh mutaxassislar har doimgidan ham ko‘proq zarur degan fikrdaman. Vatanim taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shishga doim tayyorman. O‘zbekistonda ishlash men uchun sharaf", deydi Umidjon.