TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Urganch qurilish kasb-hunar kollejining birinchi bosqich o‘quvchisi Og‘abek Abdullayev onasi va o‘gay ukasining qotiliga aylandi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" nashri.
Xabarda aytilishicha, Og‘abek 2018-yilning 31-yanvar kuni onasi Gulnora To‘rayeva bilan janjallashib, g‘isht bo‘lagi bilan uning bosh qismiga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazadi va ayollar ro‘moli bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi.
Xabarga ko‘ra, ushbu jinoyat haqida huquqni muhofaza qilish organlariga qo‘shnilar tomonidan xabar qilingan.
Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra jinoyatga aloqador tomonlarning shaxsiga oid ma’lumotlar aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Gulnora To‘rayeva ikki marta nikohsiz tushmush qurib, har turmushidan bir nafardan farzandli bo‘lgan. Ilgari sudlangan. Tayinli bir ish bilan shug‘ullanmay, yengil-yelpi hayot kechirishga odatlangan. Nosog‘lom muhit shakllangan oilada tarbiyalangan Og‘abek ham 2017-yilning mart oyida o‘g‘irlik jinoyati sodir etib sudlangan. Ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.