TOSHKENT, 3 fev – Sputnik. Andijon shahrida tez tibbiy yordam avtomashinasida kelib, birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan shifokor bemorning buyumlarini oʻgʻirlab ketdi. Bu haqda Andijon viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabar qilinishicha, Andijon shahrida yashovchi U.G. Andijon shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, 2018 yil 12 yanvar kuni soat 7larda uyi mehmonxonasidagi televizori ustidan narxi 24 mln soʻmlik tilla taqinchoqlari: 1 dona tilla zanjir, 1 dona uzuk, 1 dona braslet va 1 juft ziragi nomaʼlum shaxs tomonidan oʻgʻirlab ketilganligini bildirgan.
Koʻrilgan tezkor choralar natijasida nomaʼlum shaxs Andijon tumanida istiqomat qiluvchi A.L. boʻlib chiqdi. Olib borilgan profilaktik surishtiruv ishlari natijasida u 2018 yil 12 yanvar kuni soat 6 yarimlarda U.G.ning chaqiruviga asosan uning uyiga tez tibbiy yordam avtomashinasida kelib, birinchi tibbiy yordam koʻrsatganligi hamda chiqib ketayotib yuqoridagi buyumlarni oʻgʻirlab ketganligi aniqlandi.
Mazkur holat boʻyicha Andijon shahar IIB huzuridagi TB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.