TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. 28-yanvar kuni "O‘zbekiston" mehmonxonasida Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi sportchilarni sharaflashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan bu yerga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilarning ota-onalari, yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari yig‘ildi.
O‘zbekiston futbolchilari 1994-yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida va 2011-yil Eronda o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo chempionatida ulkan g‘alabaga erishgan yosh futbolchilarga o‘zining samimiy tabrigini yo‘llab, ularning qo‘lga kiritgan natijasiga quyidagicha ta’rif berdi:
"Sizlar qo‘lga kiritgan mislsiz bu g‘alaba butun xalqimizga cheksiz quvonch bag‘ishlab, O‘zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu ulkan zafar, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi millionlab yoshlarni mardlik va matonat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shadi.
El-yurtimiz sizlar kabi mard va jasur, fidoyi o‘g‘lonlari bilan, yurtimizning haqiqiy qahramonlari bilan faxrlanadi".
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.
Shu kunning o‘zida chempionlarimizga Prezidentimiz sovg‘asi — avtomobillari topshirildi.