TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. G‘alaba Vyetnam jamoasidan so‘nggi damda, asosiy vaqt tugab qo‘shimcha daqiqalar berilganidan so‘ng yulib olindi, deksak xato bo‘lmaydi.
Ravshana Haydarov boshchilik qilgan jamoa 8 daqiqada birinchi golni urdi. Rustam Ashurmatov hisobni ochdi. 41 daqiqada Vyetnam jamoasi jarima to‘pidan unumli foydalanib gol urdi. Nguyen Xai to‘pni saf tortib turgan futbolchilar boshi uzra darvoza burchagiga yo‘lladi.
Ikkinchi taymning asosiy vaqtida hisob o‘zgarmadi, lekin o‘yin O‘zbekiston jamoasi ustunligida borayotgani ko‘rinib turardi. O‘zbekistonning shiddatli hujumlari natija bilan tugashiga faqat Vyetnam darvozaboni qarshilik ko‘rsata oldi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak-ki, final o‘yin oldidan kuchli qor yoqqani tufayli maydon juda yomon ahvolda edi. O‘yin boshlashdan bir necha daqiqa oldin maydonni qordan tozalashga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi taymda esa O‘zbekiston jamoasi oq kiyimni ko‘k rangli kiyimga almashtirishga majbur bo‘lishdi.
Ajratilgan qo‘shimcha taym vaqtida O‘zbekiston jamoasi shijoatli o‘yin ko‘rsatdi. O‘yin tugashiga 2 daqiqa qolganda shu vaqtgacha zahirada bo‘lgan Sidorov to‘pni darvozaga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, chorak va yarim final bahslarida O‘zbekiston jamoasi raqiblarini katta ustnlik bilan yenggan edi. Xususan Yaponiyani 4:0 hisobiga, Janubiy Koreyani 4:1 hisobiga.