TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi turli ommaviy axborot vositalarida "O‘zbekiston tojiklari tojik maktablarining yopilishi ehtimolidan tashvishga tushdi" sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqolalarga rasmiy munosabat bildirdi, deb xabar qilgan O‘zA.
Xalq ta’limi vazirligi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi ta’lim tojik tilida olib boriladigan maktablar yopilishi mumkinligidan xavotir olmaslikni ma’lum qilgan.
O‘zbekiston Respublikasining "Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonunida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmasligi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda respublikamizdagi umumta’lim maktablarida ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Ular davlat ta’lim standartlari asosida chop etilgan 7 tildagi darsliklar bilan to‘liq ta’minlangan.
O‘zbekistonda ta’lim olish tilini millatidan qat’i nazar, ota-onalar farzandlari bilan tanlash huquqiga egadirlar. Bunday tajriba dunyodagi ko‘pgina rivojlangan davlatlarda ham yo‘lga qo‘yilmagan", — deyilgan xabarda.