TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. "O‘zbekkino" Milliy agentligi Bosh direktori Furqat Zokirov Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jesim Chelebini qabul qildi, deb xabar qildi agentlik matbuot-xizmati.
Uchrashuvda shu yilning aprel oyida Toshkentda o‘zaro hamkorlikdagi o‘zbek va turk filmlari festivalini tashkil etish taklifi ilgari surildi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, festival doirasida ikki mamlakat kino ijodkorlarining tajriba almashish uchun ijodiy uchrashuvlarini o‘tkazish, "Ziyorat turizmi" yo‘nalishida hamkorlikdagi yangi loyihalar ishlab chiqish haqida ham fikrlar bildirilgan.
Festivalning tantanali ochilish marosimiga esa o‘zbek tomoshabinlari orasida taniqli bo‘lgan turk kinosi va estradasi vakillarini taklif etish ko‘zda tutilmoqda.