TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Kann festivali sovrindori, o‘zining qo‘rqinchli, triller va detektiv janridagi filmlari bilan mashhur yapon rejissori Kiyosi Kurosava O‘zbekiston haqida badiiy film suratga oladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
"Yaponiya Madaniyat vazirligi filmni suratga olish ishlarini qo‘llab-quvvatlashini rasman tasdiqladi va ssenariyni tasdiqladi. Filmning bosh maqsadi O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishdan iborat bo‘ladi", — dedi O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakili.
Yapon kinorejissorining suratga olish guruhi o‘tgan yilning sentabrida O‘zbekistonda bo‘lib, suratga olish imkoniyatlarini o‘rganib ketgandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning Yaponiyaga safari chog‘ida ushbu masala ham muhokama qilingandi.
Kiyosi Kurosava —kinorejissor, ssenariynavis, aktor, yozuvchi va kinotanqidchi. U faoliyati davomida 40dan ortiq film suratga olgan bo‘lib, ular orasida "Davo", "Insoniylik imtihoni", "Joziba" va "Labirint" filmlari mashhur.
2008 yildagi Kann kinofestivalida uning "Tokio sonatasi" filmi juri mukofotini qo‘lga kiritgan, 2015-yilda esa "Sohilga sayohat" filmi eng yaxshi rejissura uchun mukofotlangan.