TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. "Orzu va hayot" Xalqaro xayriya jamoat fondi rahbari Ilhomjon Qosimov Aqto‘be shahrida yuz bergan fojea — avtobus yonib ketishi oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar oilalariga moddiy yordam berish maqsadida xayriya marafonini o‘tkazmoqda, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Marafon 2018-yil 18-yanvar kuni yuz bergan dahshatli halokat — 52 nafar migrantning avtobus ichida yonib halok bo‘lganining 3 kunidan so‘ng o‘tkazilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 18-yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida avtobusning yonishi sodir bo‘ldi, yong‘in natijasida 52 nafar O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgan.
"To‘g‘ri, halok bo‘lganlarning oilalariga davlat tomonidan moddiy yordam ko‘rsatiladi, deyildi. Lekin jamoatchilik yordamining o‘rni boshqa. Bu bilan biz o‘zbekistoliklar bir tanu-bir jon ekanligini, o‘z yurtdoshining dardu-qayg‘usiga mahalla-ko‘y, umuman xalq bee’tibor emasligini ko‘rsatmoqchimiz", — dedi Ilhomjon Qosimov."
Ma’lum qilinishicha, naqd pul holatida tushadigan xayr-ehsonlar maxsus qutilarda jamlanib boriladi, qolaversa, fuqarolar mablag‘larni marafonga safarbar etilgan avtomobildagi aksiya qog‘ozlarida yozilgan hisob-raqamlariga o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, marafon Toshkentdan boshlanadi va Guliston, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm, To‘rtko‘lni bosib o‘tib, Buxoroga qaytadi va u yerdan Qarshi, Shahrisabz, Olmaliq bilan Farg‘ona, Andijon va oxiri Namanganga kelib, sarhisob qilinadi.
"Orzu va hayot" rahbarining aytishicha, tushadigan mablag‘lar Aqto‘be qurbonlari oilalari o‘rtasida teng taqsimlanadi.