TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Mirziyoyev Diplomatiya universiteti faoliyatidan norozi bo‘ldi. "Ayni vaqtda diplomat kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda", — deb aytgan prezident juma kuni elchilar bilan o‘tkazgan yig‘ilish davomida.
"Afsuski, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti) chinakam istiqbolli, o‘z kasbiga sadoqatli va professional yosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalarni to‘laqonli bajarayotgani yo‘q. Universitet bitiruvchilarining davlat idoralariga ishga joylashishi o‘ta past darajada qolmoqda.
Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga ham ushbu universitetni o‘tgan yil tamomlagan bironta yosh mutaxassis ishga olinmagan.
Shu munosabat bilan Komissiya (O.Murodov) Bosh vazir A.Aripov, Prezidentning Davlat maslahatchilari R.Qosimov, U.Ismoilov bilan birgalikda bir oy muddatda: Tashqi ishlar vazirligida kadrlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, avvalo, iqtidorli yosh mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha aniq takliflar; Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini tayyorlashi lozim", dedi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq qator OAVlar diplomatiya universiteti rektori A.Jumanov ishdan olingani to‘g‘risida xabar tarqatgan edi. Hozircha bu ma’lumot rasman o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q.