TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi "Xabar" axborot-tahliliy portalida "Mardikor ayol nolasi" sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqolaga rasman raddiya berdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Toshkent IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Sayfullayevning so‘zlariga ko‘ra, raddiya berilayotgan maqolada mardikor ayollarning Ichki ishlar xodimlari faoliyatidan shikoyati bayon etilgan.
Xususan, portal muxbirlari 2017-yilning 26-dekabr kuni Toshkent shahridagi Qo‘yliq dehqon bozori yaqinidagi Yashnobod tumani vaqtinchalik ishlarni tashkil etish burosiga kelishganida yollanib (kunbay) ishlovchi fuqarolar asosan ichki ishlar xodimlarining muomalasidan, qonunga zid hatti-harakatlari ustidan shikoyat qilishgan.
Sayfullayev portalda e’lon qilingan maqola bo‘yicha Toshkent shahar IIBB o‘z xavfsizlik bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi. Ayni vaqtda nashrning ushbu maqolani yozishiga asos bo‘lgan videorolik so‘rab olingani aytildi.
"Ikkita mp3 yozuvli, ovozli shakldagi fayl berishdi. Birinchi — 51 soniyalik faylda, "Ichki ishlar idoralari xodimlaridan iltimos, bizdan sigaret, "Kola", kolbasa talab qilmasalaringiz. Sizlardan iltimos, pul ham talab qiladi, "Panelniy"ga tushgandan keyin 1 million sakkiz yuz so‘m uyimga jarima borgan. Ilojim yo‘q, men to‘lay olmayman pulni. Yana uradi, tepadi, kaltak yeyishimiz shartmi?", — deb yozilgan", — dedi Sayfullayev.
IIBB xodimi so‘zlariga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha olib borilgan surishtiruv davomida, yuqoridagi so‘zlarni aytgan shaxs topilgan, u 1991 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro Z. Mamadaliyeva ekanligi aniqlangan va u bilan bevosita suhbat o‘tkazilgan.
Suhbat davomida ayol "bitta fuqaro kelib so‘raganda, kimdandir eshitgan ma’lumotlarga tayanib shu ma’lumotni bergani" ma’lum bo‘lgan. Mamadaliyeva bu haqda yozma ma’lumot taqdim etgan.
Toshkent IIBB shu munosabat bilan bu singari ma’lumotlarni chop etishdan oldin tekshirishni, chunki bu kabi yolg‘on ma’lumotlar IIV tizimi sha’niga dog‘ tushiradigan holatligini eslatib o‘tdi.
Toshkent IIBB ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kuch ishlatish, ta’magirlik yoxud boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilayotgani singari holatlarga duch kelgan fuqarolardan "02" raqami yoxud O‘zbekiston Respublikasi IIV rasmiy saytida ko‘rsatilgan ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lum qilishni so‘raydi.