TOShKENT, 11 yanv – Sputnik. O‘zbekiston Milliy gvardiyasi jamoat tartibini saqlash bilan shug‘ullanadi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu vazifani Milliy gvardiya oldida Shavkat Mirziyoyev qo‘ydi. Xavfsizlik kengashi majlisida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston prezidenti Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari va davlat va jamoat xavfsizligi sohasida oxirgi yillarda yuz bergan muammolar haqida shunday dedi:
“Keyingi paytlarda Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritganda, Milliy gvardiya tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim.
Ma’lumki, bu maxsus harbiy bo‘linma faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilgan.
Qisqa vaqt ichida Milliy gvardiya mamlakat xavfsizligini ta’minlash tizimidagi muhim bo‘g‘inga aylandi va Qurolli Kuchlar tarkibiy qismlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdi.
Afsuski, oxirgi 15-20 yil davomida jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalariga noto‘g‘ri yondashuv tufayli bu muhim masala e’tiborimizdan chetda qolib keldi. Jumladan, Xavfsizlik kengashi ham bunga yetarlicha e’tibor bermaganini ochiq aytish kerak. Bu tizimning aniq egasi bo‘lmagan, bu masalalar bilan shug‘ullanadigan bo‘linmalar goh Ichki ishlar vazirligi, goh Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lib kelgan. Shu sababli ushbu bo‘linmalar o‘z o‘rnini topolmadi. Jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash bo‘yicha o‘quv mashqlari deyarli o‘tkazilmagan. Tezkor vazifalarni bajarish zarur bo‘lgan paytda turli burokratik to‘siqlarga duch kelingan. Natijada tezkor qarorlar o‘z vaqtida qabul qilinmagan, vazifalar samarali bajarilmagan.
Holbuki, butun dunyoda mamlakat ichida tartib-intizom va jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan armiya emas, Mudofaa vazirligi emas, balki alohida tuzilmalar shug‘ullanadi.
Ma’lumki, bugungi kunda biz “Xavfsiz shahar – xavfsiz mamlakat” konsepsiyasi asosida yurtimizda jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Shu munosabat bilan mana shu yangi tuzilma, ya’ni, Milliy gvardiya tashkil etildi. Endi bundan buyon har bir shahar va viloyatda xavfsiz hudud loyihasini amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya mas’ul va javobgar etib belgilanadi. Bu vazifalarni bajarish uchun Milliy gvardiya joylardagi davlat hokimiyati idoralari, jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi.
Shu munosabat bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatovga tashkiliy ishlarni tezroq yakunlab, o‘zining bevosita vazifasi bo‘lgan jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasi bilan yaqindan shug‘ullanish topshiriladi. Bundan buyon mamlakatimizda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasiga ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov shaxsan javobgar bo‘ladi.
Hozirgi paytda Milliy gvardiya tomonidan qo‘shinlar faoliyatining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda, shuningdek, o‘z Vataniga sadoqatli, yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.”