TOShKENT, 8 yanv – Sputnik. 7-yanvardan Toshkent shahrida joylashgan, O‘zbekistondagi eng yirik masjid bo‘lgan "Hazrati imom" majmuasida mo‘min-musulmonlarni namozga chorlovchi azon ovoz kuchaytirgichlar orqali yangray boshladi. Bu haqda azon.uz xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, namozdan so‘ng masjid imomi bu voqeaga alohida to‘xtalib, ko‘plab xayrli ishlari qatorida, azonni baland ovozda chaqirish ham shaxsan davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Habibulloh qori Abdurazzoqov mamlakatda yana ko‘plab masjidlar ochilishi haqida ham aytib o‘tgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda azon ovoz kuchaytirgichlar orqali aytilayotgan masjidlar soni kundan kun oshib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 5-yanvar kuni Toshkent viloyatida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi barcha masjidlarni ta’mirlash, Qur’oni karim musobaqasini tashkil etish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tgan edi.