TOShKENT, 3 yanv – Sputnik. Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Ko‘ksaroy mahallasida yangi masjid qayta faoliyat boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2-yanvar kuni Qamchiq dovonidagi yagona masjid — avtomagistral yo‘lning shundoqqina yuzida joylashgan “Islom nuri” jome masjidining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamda Toshkent viloyati vakilligi mas’ullari ishtirok etdilar.
Masjidning dovon yo‘lida joylashgani ibodat qilishni istaganlar uchun qulaylik yaratdi.
"Masjidda namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, tahoratxona el xizmatiga tayyor holda qurilgan", — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2013-yilda masjidni qayta qurish va ta’mirlash ishlari boshlangan edi. Masjid saxovatpesha homiylar hamda aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan.