TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda yaqin vaqt ichida barcha jamoat hojatxonalarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha dastur amalga oshiriladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Birinchi bosqichda umumiy ovqatlanish muassasalari, mehmonxona, suvenir do‘konlari, yo‘l bo‘yida joylashgan servis obyektlari, parklar, bozorlar, AYoQSh, avtoturargohlar va aholi gavjum joylardagi barcha hojatxonalar inventarizatsiya qilinadi.
"Uning natijalariga ko‘ra qayerda yangi hojatxona qurish lozimligi aniqlanadi, mavjudlari esa uch toifaga bo‘linadi. Kelgusi ikki yil davomida maxsus tasdiqlangan "yo‘l xaritasi" doirasida ularning barchasi xalqaro talablarga javob beradigan holga keltiriladi", — deb ma’lum qildi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakili.
Birinchi toifaga ta’miri joyida, barcha santexnika jihozlari talabga javob beradigan hojatxonalar kiritiladi. Bu hojatxonalarda tizimli tozalash tartibi joriy etiladi.
Ikkinchi toifaga suv va kanalizatsiya bilan ta’minlangan, joriy ta’mir talab qilinadigan va santexnikasi almashtirilishi lozim bo‘lgan hojatxonalar kiritiladi. Ular ta’mirdan chiqariladi hamda yuqoridagi kabi tizimli tozalash tartibi joriy etiladi.
Eng katta hajmdagi ish esa uchinchi toifaga kiritilgan hojatxonalarda amalga oshiriladi. Bu toifaga olis nuqtalarda joylashgan, qo‘lbola usulda qurilgan hamda suv va kanalizatsiya bilan ta’minlanmagan hojatxonalar kiritiladi. Bu hojatxonalarni rekonstruksiya qilish jarayonida bir necha tonna suv sig‘adigan baklarni keltirish orqali suvsizlik muammosi hal qilinadi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur yo‘nalishdagi tadbirkorlik subyektlariga sezilarli soliq imtiyozlari berishni taklif etmoqda. Bu esa bo‘shagan mablag‘larni hojatxonalarni talab darajasiga keltirish hamda ularni ozoda tutishga yo‘naltirish imkonini beradi.