TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida xayriya tadbiri o‘tkazdi.
"Jahon" AAning xabar berishicha, tumanda istiqomat qilayotgan 111 nafar ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oila vakillari federatsiya tomonidan kundalik turmushda zarur bo‘lgan maishiy texnika jihozlari, xususan, kir yuvish mashinalari, gaz plitalari, changutgich va kichik pechlar bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, bugungi kunda federatsiya tomonidan 110 nafar ehtiyojmand fuqaroning uy-joylari ta’mirlab berilmoqda. Shuningdek, 22 nafar uy-joyga muhtoj fuqaroni turar joy bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, bugungacha respublika bo‘yicha 22 ming 200 xonadonga maishiy texnika jihozlari, kam ta’minlangan oilalarda istiqomat qiluvchi 1 ming 200 nafar bemorga sog‘lig‘ini tiklashi uchun 4 million so‘mdan, 2 ming 200 oilaga uy-joylarini ta’mirlash uchun 10 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi. Yana 400 oilaning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.