TOShKENT, 27 okt – Sputnik. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan "Kam ta’minlangan oilalarni bandlik bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizom" tasdiqlandi.
Nizom talablariga ko‘ra, mikrokreditlar qaytarishlik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida beriladi.
Mikrokreditlar qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz, 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan, 3-yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha yillik 4 foiz stavkada ajratiladi.
Qarz oluvchilar mikrokreditlar orqali tikuv mashinalari, matolar va boshqa sarf materiallari, kosibchilik faoliyati uchun inventarlar, maishiy, kompyuter va boshqa texnikalar, shuningdek, mehnat bilan bandlikni ta’minlovchi boshqa asbob-uskunalar xarid qilish, shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish (kichik issiqxonalar barpo etish, chorva mollari, parranda sotib olish, og‘ilxona va tovuqxona qurish, bog‘dorchilik inventarlari va asboblari xarid qilish) maqsadlarini amalga oshirishlari mumkin.
Mazkur Nizomda nazarda tutilgan maqsadlar uchun mikrokredit olish uchun so‘ralgan ariza, mikrokreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat talab etiladi.
Shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish maqsadlari uchun mikrokredit so‘ralgan hollarda qarz oluvchida tomorqa uchastkasi mavjudligi ko‘rsatilgan o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma’lumotnoma ham taqdim etilishi lozim.
Bankka mol-mulk garovi, tijorat banki yoki sug‘urta kompaniyasi kafolati, uchinchi shaxs kafilligi, qarz oluvchi tomonidan olingan mikrokreditni qaytarmaslik xatarining bank foydasiga sug‘urta qilinganligi mikrokreditlar qaytarilishining ta’minoti hisoblanadi.
Mikrokreditlar qarz oluvchining ssuda hisobvarag‘idan uning to‘lov topshiriqnomasiga asosan, kredit shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun tegishli tashkilotlarning bankdagi talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Qarz oluvchi mikrokredit hamda unga hisoblangan foizlarni nakd pulda, bank plastik kartochkalari orqali yoki qarz oluvchining omonat hisobvarag‘idan pul o‘tkazib berish yo‘li bilan to‘lashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bugungi kunda amalda bo‘lgan eng kam ish haqi miqdori 149 775 so‘mni tashkil etadi.