TOShKENT, 7 yanv – Sputnik. Afg‘onistonda istiqomat qiluvchi o‘zbek yoshlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va o‘zbekistonlik yoshlarga murojaat yo‘lladi.
"Jigarbandlarimiz, qadrli qondoshlarimiz eng avvalo, ikki davlat – O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi aloqalar, hamkorliklar yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan juda xursand ekanimizni bildiramiz", deb boshlanadi murojaat.
Murojaatda ikki mamlakat savdo-tijorat hamkorliklarini oshirish masalalarini muhokama qilish bilan birga, ta’lim sohasida ham kelishuvnomalarga imzo chekkani butun Afg‘onistondagi o‘zbek yoshlarining ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib yuborganligi bildiriladi.
"Sababi, tahsiliy va ta’lim tarbiya masalalaridagi kelishuvlar biz uchun, ya’ni O‘zbekistonning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishni orziqib kutib yurgan afg‘onistonlik yoshlar uchun juda katta ahamiyatga egadir", deyiladi unda.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Afg‘onistonning oltita universitetida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitilmoqda. Bu yerdagi sharoit faqat bakalavr darajasigacha tashkil qilingan. Ammo o‘zbek tili bo‘yicha magistrlik ta’limi olish uchun Afg‘onistonda hech qanday imkoniyat va sharoit mavjud emas.
"Bu yerlik ko‘pchilik o‘zbek yoshlarimiz O‘zbekistonga kelib o‘qishlarini davom ettirishni istaydilar. Lekin kimga murojaat qilishimiz kerak va O‘zbekistonda o‘qish uchun ishni qayerdan boshlash kerak degan savolga javob qidirapmiz. Sizga xat yozayotganimizning asosiy sababi ham shu masalaga javob topishdan iboratdir", deyiladi murojaatda va qator savollar beriladi.
Xususan, afg‘onistonlik yoshlarni O‘zbekistonda ular uchun o‘qish sharoiti, ta’lim uchun haq to‘lash shartlari va miqdori, turarjoy, viza masalalari bo‘yicha savollar qiziqtiradi.
Ularning yozishicha, Afg‘onistonda adabiyot va tilshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha talab kuchli bo‘lib, O‘zbekistondagi qaysi universitetlarda va qancha pulga o‘qish mumkinligiga qiziqish bildirishgan.
"Hurmatli O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, o‘zingiz shaxsan ushbu masalalarni hal qilishda va O‘zbekistonda ta’lim olishimiz uchun bizga yordam berishda bosh bo‘lasiz degan umiddamiz", deb yakunlanadi murojaat.