TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. Bugun, 5-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Zangiota tumanidagi "Highway Logistics" markazida tashkil qilingan bojxona bo‘limi, mavjud texnikalar, transport qatnovi va mahsulotlarni ortish hamda yetkazish tizimi bilan tanishib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlashda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Shu yerda Toshkent viloyatining eksport salohiyatini oshirish, 2018-2019 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, charm-poyabzal sohasini rivojlantirish, chorvachilik, issiqxona xo‘jaligini tashkil etish dasturlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Prezident loyihalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha mutassaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yanada jadallashtirish, viloyatning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, ushbu vazifalarni amalga oshirishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini takomillashtirish va ularning mas’uliyatini yanada kuchaytirish, shuningdek shahar va tumanlar aholisining farovonligini oshirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida 2017-yil 20-iyul kuni O‘zbekiston prezidentining "Toshkent viloyatining ma’muriy-hududiy tuzilishini hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingan.