TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. Rossiya tomoni O‘zbekiston uchun atom elektr stansiyasi qurishni moliyalashtirishning bir necha yo‘llarini taklif qilishga tayyor, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga vaziyat bilan yaqindan tanish bo‘lgan manbaa.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda O‘zbekiston hukumati atom elektr stansiyasi qurish va uni sarmoyalashtirish hajmi borasida mukammal taklif tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda.
“Bu siyosiy qaror va u ikki mamlakat rahbariyati tomonidan qabul qilinadi. Rossiya vaziyatning har tomonlama rivojlanishiga tayyor. “Rosatom” moliyalashtirishning turli uslublari bilan ishlashni biladi, jumladan davlat kreditlari, moliya bozordan pul qarz olish, o‘z mablag‘lari hisobidan sarmoya kiritish hamda BOO – Build-Own-Operate (Qur – Egalik qil – Boshqar) uslubida ham”, — dedi suhbatdosh.
Rossiya tomoni O‘zbekistonga ikki zamonaviy blokdan iborat bo‘lgan, “3+” avlodga mansub VVER-1200 loyihasini taklif qildi. Aynan shunga o‘xshash stansiya “Rosatom” tomonidan Bangladeshda ham qurilmoqda. Uning qiymati 13 mlrd dollar bo‘lib, undan 11,3 milliardi Rossiya tomonidan davlat eksport krediti sifatida berilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 29-dekabrida O‘zbekiston va Rossiya orasida Atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanishga bag‘ishlangan Shartnoma imzolangan edi. Ushbu Shartnoma “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Nodjir Otajonovlar tomonidan imzolangan edi.
Shartnoma O‘zbekiston atom energetikasi uchun kadrlar tayyorlash, AESlar va ilmiy-izlanish reaktorlari qurish, uran konlarini izlash, radioizotoplar ishlab chiqarish borasida hamkorlik asoslarini belgilaydi.
Shuningdek, Shartnoma muayan loyihalarni amalga oshirish maqsadida ikki tomonlama qo‘shma komissiyalar, seminar va simpziumlar tashkil qilishni nazarda tutadi.