TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Toshkent shahrining Fayziobod mahallasida joylashgan "Valixo‘ja o‘g‘li Norxo‘ja" jome masjidining qayta qurilishi boshlandi, deb xabar qildi Musulmonlar idorasi rasmiy veb portali.
"Valixo‘ja o‘g‘li Norxo‘ja" jome masjidi dastlab 1962-yilda qurilgan. 1991-1992 yillarda Fayziobod mahallasida yashagan Valixo‘ja o‘g‘li Norxo‘ja hojining tashabbusi hamda mahalla ahli va faollari ishtirokida hashar yo‘li bilan qayta tiklanib, ta’mirlangan. 1997-yilda masjidga "Valixo‘ja o‘g‘li Norxo‘ja" jome masjidi nomi berilgan. 1999-yildan jome masjid sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘tgan davr mobaynida masjid binosi eskirganligi, bugunda ta’mirtalab holga kelib qolganligi tufayli avgust oyida masjidni qayta qurish ishlari boshlangandi.
Joriy yil 2-dekabr kuni masjidning yangidan qurilishi rejalashtirilgan binosi uchun birinchi g‘isht qo‘yildi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, mutasaddi tashkilotlar vakillari, masjid tashabbuskorlari va mahalla faollari qatnashdi.