TOShKENT, 31 dek — Sputnik. Bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Said Shahabuddin Temuriy va Toshkentda bo‘lib turgan Afg‘onistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Samir Javadni qabul qildi. Bu haqda TIVning matbuot xizmati xabar qildi.
Suhbat chog‘ida nihoyasiga yetayotgan 2017-yilda O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarining yakunlari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, uchrashuvda 2018-yilda O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligining ba’zi yo‘nalishlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining 4-6 dekabrdagi respublikaga rasmiy tashrifi va uning samarali natijalari ikki tomonlama hamkorlikda yangi sahifa ochdi va unga ko‘p qirrali va unumli tus berdi.
Jumladan, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, fan, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 20 ta hujjat imzolandi.
Xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiya tuzish, fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam, Surxon — Puli Xumri elektr uzatish liniyasini qurish, Mozori Sharif — Shibirg‘on — Maymana — Hirot temir yo‘lini barpo etish, yuk tashish, bojxona sohasidagi aloqalar to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidandir. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida umumiy qiymati 500 mln dollar bo‘lgan 40 ga yaqin tijorat shartnomalari imzolandi.