TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonga respublikada ikkita yangi avlod energiya bloklariga ega atom elektr stansiyasi qurishni taklif qildi, dedi "Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev.
29 dekabr kuni "Rosatom" delegatsiyasining Toshkentga tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi. Hujjatni O‘zbekiston tomonidan bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov, Rossiya tomonidan "Rosatom" bosh direktori Aleksey Lixachev imzoladi.
"Biz O‘zbekistonda "3+" VVER-1200 avlodiga mansub ikkita zamonaviy blokdan iborat stansiyani o‘zbeki tomoni o‘ziga ma’qul deb hisoblagan muddatda qurish taklifini berdik", — dedi Lixachev jurnalistlar bilan uchrashuvda.
U shuningdek, Rossiya bunday obyektlar qurishda ulkan tajribaga ega ekanligini qayd etdi. Ana shunday stansiyalardan biri Novovoronejda bir yildan buyon sanoat rejimida ishlamoqda. Leningrad stansiyasi ishga tushirilish arafasida, Belorussiyada qurilish ishlari yakunlanmoqda.
"Ha, Bangladesh, Vengriya, Misr, Finlyandiyada aynan shunday obyektlar quramiz. Bu Fukusimadan keyin paydo bo‘lgan shunchaki ilg‘or texnologiyalar namunasigina emas. Bu biz ko‘plab miqdorda qurishni boshlagan sanoat yechimi manbasidir", — ta’kidladi "Rosatom" rahbari.
Imzolangan hujjatni izohlar ekan, Lixachev bu bir tomondan hadli bitim bo‘lsa, ikkinchi tomondan hamkorlikning aniq yo‘nalishini belgilab beradi, dedi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston Rossiya korporatsiyasining bugungi kundagi atom sohasidagi hamkorlaridan ajralib turadi. Bu, birinchi navbatda, bu yerda o‘tgan asrning 40-50-yillaridayoq yadro sohasining bir nechta yo‘nalishlariga asos solinganligidir.
"Avvalo, qator hamkorlik yo‘nalishlaridagi ishlarimizni tiklashni rejalashtirmoqdamiz. Bu albatta, tadqiqot reaktori ishlari, materialshunoslik, izotoplar ishlab chiqarish, ular asosida farmatsevtika preparatlarini yaratish va uran konlarini qidirish va o‘zlashtirish borasidagi ishlar bo‘ladi", — dedi Lixachev.
U tomonlar nafaqat hamkorlikni tiklash, balki uni yanada yuqori darajaga chiqarish niyatida ekanliklarini ta’kidladi.
"Mamlakatlarimiz ilg‘or loyihalarga ehtiyoj sezmoqda, nafaqat tovar almashish yoki o‘zaro investitsiyalar, balki yangi sohalarda zamonaviy qurilmalarni mahalliylashtirish borasida ham jiddiy o‘sish lozim. Yirik energetik atom obyekti qurish esa ana shunday loyihaga juda mos keladi", — dedi u.
Lixachevning fikricha, mamlakatda qayta tiklanayotgan mazkur soha bo‘yicha kadrlar tayyorlash bu yo‘nalishdagi muhim ishlardan hisoblanadi.
"Biz bugundanoq o‘zbek mutaxassislarini o‘z hisobimizdan tayyorlashni boshlashni rejalashtirmoqdamiz va kelasi o‘quv yilida Rossiya Federatsiyasida o‘qish uchun 15 kishini jo‘natishlarini taklif qildik", — dedi "Rosatom" bosh direktori.
Uning qayd etishicha, shuningdek, mamlakatda qonunchilik bazasini va tegishli yadro infrastrukturasini ham tayyorlash zarur.