TOShKENT, 29 dek – Sputnik. Toshkent viloyat hokimligi tashabbusi bilan "Umra-2018" mavsumi ziyoratchilari hamda ilgari turli diniy oqimlar ta’siriga tushib qolgani sababli ozodlikdan mahrum etilgan va afv qarori asosida ozodlikka chiqarilgan fuqarolar uchun Samarqand viloyatiga ikki kunlik ziyorat tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, ular "Imom Buxoriy" yodgorlik majmuasida Imom Buxoriy marqadini ziyorat qilishdi hamda ushbu maskanda amalga oshirilgan qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdilar.
Shuningdek, O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilishdi. So‘ng "Go‘ri Amir" va boshqa qadamjolarni tomosha qilib, safarini Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyida yakunladilar.