TOShKENT, 28 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda Podrobno.uz xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, kelgusi yilda Yangi yil, Navro‘z va Mustaqillik kuni davlat bayramlariga to‘g‘ri kelgan qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar qonunchilikda belgilanmoqda, shuningdek, ayrim dam olish kunlarini ushbu bayram sanalariga yaqin bo‘lgan ish kunlariga ko‘chirilishi amalga oshirilmoqda.
Natijada 2018-yilda bayram kunlarida uzluksiz dam olish davomiyligi qo‘shimcha ishlamaydigan kunlarni belgilash va ayrim dam olish kunlarni ko‘chirish orqali ta’minlanadi:
Yangi yilga – 5 kalendar kuni (2017 yil 30 va 31-dekabr – kalendar bo‘yicha dam olish kunlari, 2018-yil 1-yanvar – ishlamaydigan bayram kuni, 2018-yil 2-yanvar – qo‘shimcha ishlamaydigan kun, 2018-yil 3-yanvar – 6-yanvardan ko‘chirilgan dam olish kuni);
Navro‘z bayramiga – 5 kalendar kuni (18 mart – kalendar bo‘yicha dam olish kuni, 19-mart – 17-martdan ko‘chirilgan dam olish kuni, 20-mart – ko‘shimcha dam olish kuni, 2018-yil 21-mart — ishlamaydigan bayram kuni, 22-mart –
24 martdan ko‘chirilgan dam olish kuni);
Mustaqillik kuniga – 5 kalendar kuni (2018 yil 31-avgust – ko‘shimcha ishlamaydigan kun, 2018-yil 1-sentabr – ishlamaydigan bayram kuni, 2-sentabr – kalendar bo‘yicha dam olish kuni, 3 – sentabr 15-sentabr shanba kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni, 4-sentabr – 8-sentabrdan ko‘chirilgan dam olish kuni).
Bundan tashqari, muqaddas Qurbon hayit va Ramazon hayit bayramlarining muhimligi va ahamiyatini inobatga olgan holda, 2018-yildan boshlab ayrim dam olish kunlarini bayram kunlariga yaqin bo‘lgan ish kunlariga ko‘chirish hisobiga uzluksiz uch kunlik dam olish kunlari belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.