TOShKENT, 23 dek — Sputnik. O‘zbekistonlik bloger Xushnudnudbek Xudoyberdiyev xabar berishiga ko‘ra, kelasi yilda O‘zbekistonda bir necha bor uzuluksiz bayram kunlari rasman tasdiqlanishi mumkin.
Farmonga ko‘ra, Yangi yil bayrami arafasida 5 kun uzuluksiz dam olish kuni bo‘lishi mumkin:
30-31 dekabr — shanba-yakshanba;
1-yanvar — Yangi yil bayrami;
2-yanvar — qo‘shimcha dam olish kuni;
3-yanvar — shanbadan ko‘chirilgan dam olish kuni;
Ya’ni 2-yanvar kuni dam olish kuni deb e’lon qilinadi, 6-yanvardagi dam olish kuni esa 3-yanvarga ko‘chiriladi. O‘z navbatida 6-yanvar, shanba kuni ish kuni deb e’lon qilinadi.
Ushbu tartib haftasiga rasman 5 kun ishlaydigan xodimlar uchun taalluqli bo‘ladi. Shanba kuni rasman ishlaydigan xodimlar uchun esa 3 kun ketma-ket, ya’ni 31-dekabr va 1-2-yanvar kunlari dam olish bo‘ladi.
Undan tashqari, kelasi yil davomida yana bir necha bor ketma-ket dam olish kunlari belgilash rejalashtirilmoqda. Xususan:
- 8-mart arafasida 4 kun;
- 9-may arafasida 5 kun;
- 1-sentabr arafasida 4 kun dam olish kuni bo‘lishi mumkin.
Qurbon va Ramazon Hayiti bayramlarining kuni belgilanishiga qarab xuddi shu kabi ketma-ket dam olish kunlari e’lon qilinishi ham mumkin.
Eslatib o‘tamiz, ushbu ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan. Yuqorida keltirilgan dam olish kunlari haqidagi farmon ayni damda prezident tomonidan imzolanishi kutilmoqda.