TOShKENT, 28 dek — Sputnik. O‘zbekistonda xorijiy mamlakatlarda o‘qiyotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ishlaydigan tashkilot tuzildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida keltirilgan vazifalardan kelib chiqib, Adliya vazirligi muassasa shaklidagi "O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi" nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi, deyilgan Adliya vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Muassasa shaklidagi "O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi" nodavlat notijorat tashkilotining asosiy maqsad va vazifalari O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan va xorijiy mamlakatlarda o‘qiyotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ish olib borish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish hisoblanadi.