TOShKENT, 28 dek — Sputnik. 2019 yil 1-yanvar sanasidan boshlab jismoniy shaxslarning yengil avtomobillarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faqatgina tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Bu O‘zbekiston hukumatining 22-dekabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Qaror matnida yozilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, hokimiyatlar va Toshkent shahar hokimligi bir oy muddat ichida texnik ko‘rikdan o‘tkazganlik uchun tadbirkorlarga to‘lanadigan to‘lovlar miqdorlarini belgilashi lozim. Bunda transport vositasi toifasi hisobga olingan holda yuridik va jismoniy shaxslar uchun alohida differensiyalangan to‘lov miqdorlari joriy etilishi lozim.
Ichki ishlar vazirligi doimiy ravishda tadbirkorlarning texnik ko‘rikdan o‘tkazish borasidagi faoliyatini monitoring qilib, samaradorligini tahlil qilib boradi.
Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston IIV rahbari Po‘lat Bobojonov zimmasiga yuklatilgan.