TOShKENT, 27 dek — Sputnik. Buxoro viloyatining Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bilan chegaradosh hududlaridagi postlar tugatildi, deb xabar berdi Sputnik Tojikiston.
Xabar qilinishicha, patrul-post xizmatining Qashqadaryo viloyati bilan chegaradagi "Cho‘lquvar" va Xorazm viloyati bilan chegaradagi "Qizilqum" postlari olib tashlangan.
Bundan tashqari, Buxoro shahriga kiraverishdagi "Taxmach", "Chandir" yo‘l-patrul xizmati postlari ham yopilgan.
Mahalliy OAVlarda shuningdek, Andijon shahriga kiraverishdagi post ham faoliyatini to‘xtatganligi haqida xabarlar berilgandi.
O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston hududidagi 133 postdan 66tasini tugatish to‘g‘risida xulosalar tayyorlanganligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida viloyatlar o‘rtasidagi postlarning joylashuvi nafaqat aholiga, balki iqtisodiyotga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini aytib tanqid qilgan va buni bartaraf etish choralari ko‘rilishini talab qilgandi.